DOG'
Mustaqillik – millatning ruhan, ma’nan ozodligi uchun kechilgan jonlar, to‘kilgan qonlar mahsuli, fikriy ozodlik imtiyozi, g‘alabasi degani. Milliy tariximiz buning badalini salkam bir asr ilgari o‘z ziyolilari, jonkuyarlari bilan to‘lagan. Solnomalarda qonli dog‘ qoldirgan o‘sha mash’um voqealarda asosiy qurol ommaviy axborot vositalari edi. Aslida milliy fojea bo‘lgan qizil terror sho‘ro matbuoti sahifalarida olijanob, shonli bir vazifa o‘laroq tasvirlandi.
Kommunizmdan bo‘lak mafkuraga xayrixoh bo‘lganlar ta’qibga uchrashi negizida qizil imperiyaning asosiy maqsadi - millat va e’tiqod belgilaridan xoli yangi odam - sovet kishisini yaratish yotardi.
Faqat partiya va jamoatchilik manfaatlariga xizmat qiluvchi, nainki milliy, balki shaxsiy manfaatlari ham bo‘lmagan odamlar - sho‘ro davlatining mukammal fuqarosi mana shunday bo‘lishi kerak edi.
Qizil mafkuraga foydasi tegmaydigan har qanday shaxs yoki hodisa “sarqit”, hatto “yot unsur” deya tamg‘alandi.
Aksincha, hukmron ideologiyaga qaysidir jihati yoki harakati bilan “tog‘ri kelib qolgan” odamlar xalq qahramonlari, chin kommunizm ramzlariga, avom uchun har jabhada o‘rnakka aylantirildi.
Kommunizmdan bo‘lak mafkuraga xayrixoh bo‘lganlar ta’qibga uchrashi negizida qizil imperiyaning asosiy maqsadi – millat va e’tiqod belgilaridan xoli yangi odam – sovet kishisini yaratish yotardi. Faqat partiya va jamoatchilik manfaatlariga xizmat qiluvchi, nainki milliy, balki shaxsiy manfaatlari ham bo‘lmagan odamlar – sho‘ro davlatining mukammal fuqarosi mana shunday bo‘lishi kerak edi.
Qizil mafkuraga foydasi tegmaydigan har qanday shaxs yoki hodisa “sarqit”, hatto “yot unsur” deya tamg‘alandi. Aksincha, hukmron ideologiyaga qaysidir jihati yoki harakati bilan “tog‘ri kelib qolgan” odamlar xalq qahramonlari, chin kommunizm ramzlariga, avom uchun har jabhada o‘rnakka aylantirildi.
Sho‘ro propagandasi borliqni ikkiga - “o‘zimizniki” va “boshqalarniki”ga ajratdi. “O‘zimizning” olam - sovet davlati – ideal, mukammal bir tuzilma (yoki shunga qarab odimlamoqda), “boshqalarniki”da esa hamma baxtsiz, sho‘rpeshonalar, mazlumlar yashaydi. Go‘yoki, partiya va bolsheviklarning sa’y-harakati tufayli zulmatdan yorug‘ kunlarga chiqildi, ularning yo‘li nurli kelajakka boshlaydi. “Bizdan bo‘lmaganlar” – dushman, ular tushida ham, o‘ngida ham “biznikilarni” yo‘ldan urib, buzg‘unchilik qilish payida. Sovet targ‘iboti va tashviqoti odamlarda ana shunday kayfiyatni oziqlantirib turdi. Bundan boshqacha fikrlaydiganlar esa qatag‘on mashinasi qurboniga aylandilar.
Tarixda “Katta terror” nomi bilan mashhur Stalin qatag‘oni mohiyatan katta tozalash edi. Qizil propaganda ayovsiz qoralagan o‘sha “zim-ziyo” o‘tmishda ham faxrlansa, hurmatlasa arzigulik davrlar, shaxslar bo‘lgani, milliy o‘zlikni anglash va asrash, milliy g‘urur kabi tuyg‘ularning muqaddasligini bilgan ma’rifatparvarlarning ovozini bo‘g‘ish edi.
Zero, Stalinning o‘z ta’biri bilan aytganda, "eski intellegensiya" sovet hukumatiga chinakamiga sodiq bo‘la olmasdi.
Shu bois ularga "xalq dushmani", "millatchi", "panturkist", "panislomist" kabi tamg‘alar bosildi. Sekin-asta ularning o‘rnini sof sho‘ro mafkurasi bilan tarbiyalangan "yangi ziyolilar" – sovet intellegensiyasi egallashi lozim edi.
Turkistonda aynan o‘sha "eski intelligensiya" sa'yi-harakatlari o‘laroq shakllangan, ma'rifat va ziyo targ‘ibotchisi bo‘lishi kutilgan vaqtli matbuot 1930-yillarga kelib qizil propagandaning qudratli quroliga aylandi. Jadidlar asos solgan ko‘p nashrlar yopildi yoki targ‘ibot va tashviqot mushtumiga aylantirildi.
"Istibdod davridan esdalik"
"Qora o‘tmish ortda qoldi, sho‘ro davlatida bunday emas", degan fikr targ‘iboti
(karikatura pastidagi matn) – Husht, to‘xta! – Hech gunoh qilg‘anim yo‘q, dodxoh, o‘lponni kamaytirishlarini so‘rab Noib to‘raga bitta ariza keltirib berdim, xolos. –Shaltay-baltay yo‘q, eson-omon qutilib chiqqaning uchun bir nima uzat!
"Baxt quyoshi"
"Sovetlar davlatida yashash – oliy baxt", degan ishonch targ‘iboti
(karikatura pastidagi matn) – Yoshim 15 ga to`lgani uchun kecha dadam meni yangi kiyim, radio, foto apparatlar bilan mukofotladilar. – Juda yaxshi, lekin bular menga berilgan mukofot singari dunyoga arzigulik qiymatga ega emas. – Xo`sh, nima berdilar? – Mengami, menga 18 ga to`lganim uchun SSSR Oliy sovetiga saylov byulletenini.
"Haitida tinchliq"
"Sovet davlatidan tashqarida zulm, istibdod hukm surmoqda; sho‘ro tuzumiga faqat zolimlar qarshi bo‘ladi", degan fikr targ‘iboti
(karikatura epigrafi) Haitida bo‘lg‘an qo‘zg‘olonni bostirish uchun Amriqo (AQSh) hukumati yerlilarning bir ko‘pini rahmsizlarcha osib o‘ldirdi (gazeta xabarlaridan)
"Sotsializm yo‘lida"
"Sotsializm qurishga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi", degan ishonch targ‘iboti
O‘ng burchakdagi epigraf: "Agar kerak bo‘lg‘anda biz o‘zimizning jasadlarimiz bilan ularning o‘sishiga to‘squn bo‘lishimiz lozim" (Sulton Eliyev (boshqir millatparvari Mirsaid Sulton-Aliyev) nutqidan) (karikatura pastidagi matn) MILLATCHILAR: – Voy-dod, bizning jasad va tanlarimiz proletariat inqilobining poyezdini to‘xtata olmaydi.
Va bu musht oqibat ularning o‘zlariga qarshi do‘laytirildi.
Axir, millati – sho‘ro, xudosi – Lenin bo‘lgan avlodlarni tarbiyalashda har qanday to‘siqlardan qutulish shart edi.
UMID
(retrospektiv narrativ)
Boʻldi kenglik, zoʻrlik yoʻq, Berildi bizga huquq! Taraqqiyga yoʻl ochuq! Jaholatga yoʻl yopuq!
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon
Turkiston 1917-yilda Petrograd (Chor Rossiyasi poytaxti, hozirgi Sankt Peterburg ) da amalga oshirilgan Fevral to‘ntarishini katta umid bilan qarshi oldi. Buning tasdig‘ini jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan biri bo‘lgan Mustafo Cho‘qayning xotiralarida ko‘rishimiz mumkin.
"1917-yil boshida amalga oshirilgan inqilobni Chor Rossiyasining biror o‘lkasi Turkistonchalik intiqib kutmagan. Bu azbaroyi unga tayyor yoki tabiatan jangari, isyonchi bo‘lganimizdan emas, balki Rossiya tarkibidagi hududlarning hech birida rus hukumati Turkistondagi kabi jirkanch, ochiqchasiga mustamlakachilik va milliy istibdod siyosatini yuritmaganidandir".
Bu inqilobdan katta maqsadlar ko‘zlangandi. Mustabid Chor hukumati zulmidan ezilgan o‘lka ziyolilari, xususan, jadid ma'rifatparvarlarining milliy demokratik davlat tuzish orzusi ro‘yobga chiqishi muqarrar edi go‘yo. Ammo tez orada buning xomxayol ekanligi ma’lum bo‘ldi. Na Chor hukumati va na uning o‘rniga kelgan Muvaqqat hukumat Turkistonga milliy mustaqillik tugul, muxtoriyat maqomini ham berishni istamadi, hatto bunga faol to‘sqinlik qildi. Inqilob va’da qilgan o‘zgarishlar quruq gapligicha qoldi.
Rus shovinizmi tuzumdan tuzumga meros bo‘lib o‘tdi. Yerli xalqqa nopisandlik bilan qarash, ularning haq-huquqlarini tan olmaslik davom etdi. Ulardan bo‘lgan vakillar hukumat lavozimlariga yaqin yo‘latilmadi. Mahalliy aholi rus inqilobchilarining og‘ziga qarab turishi, ilgari Oqpodsho amaldorlariga ko‘rsatishga majbur bo‘lgan izzat-ikromni endi ularga atashi shart edi. O‘z navbatida, Chor Rossiyasining "ma’rifatparvarlik" (aslida – jaholatparvarlik) siyosati oqibatida turkistonliklar inqilobga ham ma’muriy, ham texnik jihatdan tayyor bo‘lmagan: temiryo‘l, pochta, telegraf kabi muhandislik-texnik sohalarning boshqaruvi va ish yurituvi to‘liq ruslar qo‘lida edi. Shu bois, tenglik, muxtoriyat haqidagi va’dalar og‘izda qolib ketdi. Muvaqqat hukumatning o‘lkadagi vakillari mahalliy din ulamolarini o‘z tomoniga og‘dirib, Turkiston ziyolilari o‘rtasida o‘zaro nizo, ziddiyat keltirib chiqardilar.
1917-yildagi Oktyabr inqilobidan so‘ng hokimiyat Muvaqqat hukumat qo‘lidan Rossiya sotsial-demokratik ishchilar partiyasining radikal qanoti - bolsheviklar fraksiyasiga o‘tdi. Endi hech qanday muxtoriyat bo‘lmasligi kundek ravshan bo‘lib qoldi. Sababi, Lenin boshliq bolsheviklar sovetlar yakkahokimligini o‘rnatish, boshqaruvda sherikchilikka yo‘l qo‘ymaslik tarafdori edilar. Buning isbotini esa 1917-yil noyabridan 1918-yil fevraliga qadar yashagan va qonli Qo‘qon voqealari bilan yakun topgan Turkiston muxtoriyati va uning asoschilari qismatida ko‘ramiz.
SAROB
Ko‘rasanmi? Men ezilgan yotaman, ustimga-da balo tog‘i yiqilgan...
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon
Turkiston ziyolilari "aksilbolshevikcha" harakatlari tufayli sovet maxsus xizmatlari nazariga tushdilar. Ularning kuzatuvda bo‘lganlarini ko‘plab manbalar isbotlaydi. Xususan, SSSR Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasining Rossiya Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasiga hisobotlarida o‘lkadagi siyosiy kayfiyat, ziyolilarning hukumat borasidagi fikrlari haqida ma’lumotlar muntazam taqdim etilgan. Xususan, shunday hisobotlardan biri quyidagi jumlalar bilan boshlanadi:
"O‘zbek milliy ziyolilarini kuzatish shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston madaniyati va iqtisodiyotining o‘sishi sharoitida milliy ziyolilar orasida Moskva ta’siridan ozod bo‘lish tendensiyalari, mayda millatlar manfaatlariga nisbatan e’tiborsizlik, O‘zbekistonda faqat o‘zbeklar gegemonligini o‘rnatish istagi va boshqalar bilan ifodalangan pano‘zbekcha intilishlar (milliy shovinizm) tendensiyalari rivojlanmoqda..."
Ziyolilarning gap-gashtaklari, o‘zaro suhbatlari, ijodiy ishlari, matbuotdagi chiqishlari — bularning barchasi chuqur hafsala bilan taftish qilindi. Bundan ko‘zlangan yagona maqsad — ularning "aybi"ni bo‘yniga qo‘yish, "xalq dushmani" ekanligini isbotlash edi. Haqiqatda, devorning bir emas, bir nechta qulog‘i bor zamon boshlandi. "Siyosiy va mafkuraviy hushyor" fuqarolar tomonidan bitilgan maktublar maxsus xizmatlar qo‘lida qurolga aylandi. Shunday xatlardan biri - Ildirim (Yildirim) taxallusli 19 yashar talaba Madhiddin Muhammedovga tegishli.
"... Agar jadidlarning hozirgi mafkurasiga nazar solsak, ular sovet hokimiyatining ashaddiy dushmani ekanliklarini, bu hokimiyat qachon qularkin, deb intiq bo‘layotganlarini osongina bilib olamiz. Qulashiga esa, ular qat’iy ishonadilar. Ular sovet hokimiyatining (chet) dushmanlari bilan bir safdadirlar va bu hokimiyatni tugatishda ishtirok etish niyatlari bor. Dushman xoh ichdan, xoh tashdan qachon bu hokimiyatga qarshi harakat boshlaydiyu qachon bu kurash avjga minadi — ular shuni kutmoqdalar..."
"... Bir kuni ko‘chada Shorasul (Shorasul Zunnun - "Zarra") ni uchratib qoldim. U juda qayg‘uli qiyofada edi. Sababini so‘radim. "Bu millat o‘zi millat emas!" dedi. Bo‘lmasa, nima, desam, "Illat!", deb javob qildi. Nega, deb so‘radim tag‘in. "Chunki bular o‘zining yagona odamlarini hibsga olganlarini bilaturib ham hech qanaqa chora ko‘rmayapti!" dedi..."
"... u: "Partiyani bizlardan emas, bizlarning muhitimizni partiyadan tozalanglar", deb aytdi. Partiyani u zararli kasallik deb hisoblardi..."
"... G‘ulom Qodir eski millatchi adabiyotning katta muxlisi, Cho‘lponning muxlisidir. Yangi yo‘qsillar adabiyotini u yomon ko‘radi va mutlaqo o‘qimaydi... Sharifa Said Nosirovaning ... she’rlar daftariga O‘zbekiston to‘g‘risida bir she’r bitibdi... O‘zbekistonni katta daraxt soyasida qolib ketgan yosh niholga o‘xshatibdi va katta daraxt quyosh nurlarini yosh niholga o‘tkazmayotgani haqida yozibdi. Katta daraxt deganda u o‘rislarni nazarda tutgan. Niyati aniq..."
"... u o‘quvchilarga milliy (millatchilik) g‘oyalarini o‘qitgan, maktab jamoat tashkilotlari va komsomol ishlariga to‘sqinlik qilgan. "O‘quvchilar maktabda faqat o‘qish bilan band bo‘lsinlar, har xil jamoat ishlari, ta’lim-tarbiya ishlariga halaqit beradi", derdi..."
"... Julqunning "Mehrobdan chayon" degan kitobi chiqqanida u bu kitobni qoniqish bilan o‘qidi va uni maqtab she’rlar bitdi. Bu she’rini u o‘quvchilarga o‘qib bergan..."
"... Bir kuni bir rasm chizgan, Unda dumli quyosh bo‘lib, u ilonga o‘xshab o‘zbekni bo‘g‘ayotgani tasvirlangan. O‘zining tushuntirishicha, quyosh - O‘ktabr inqilobi, ilon boshli dum esa — o‘rislardir. Rasmda: "Millat, eh, mening millatim", degan yozuv bitilgan..."
Millat haqida qayg‘urish vatanfurushlik deya baholanadigan davrda matbuot sahifalarida "panturkist" va "panislomist" guruhlarning "asl basharasini fosh etish" poygasi avj oldi. Milliy mustaqillik, dunyoviy va diniy tayanchlarga ega davlat va jamiyat qurish orzusidagilar josuslik va dushmanlikda ayblandilar.
Panturkchilar (Ittihodi turkchilar) ning programmasi
Islomchilar, panturkchilar va o‘zbek millatchilarining qilg‘an ishlari va yurutgan kirdikorlari butun mehnatkash xalqqa ma’lum. O‘zbekistondagi bosmachilikni, Qo‘qon avtonomiyasi (Turkiston muxtoriyati)ni va Sharqiy Buxoroda Anvar (1921-yilda Usmonli Turk imperiyasi sobiq harbiy vaziri Ismoil Anvar poshsho Turkistonda bolsheviklarga qarshi g‘azavot e’lon qiladi) ni tashkil qilgan shular edi. Inglizlarga, Kolchak (Rossiya fuqarolar urushida oq gvardiya admirali) larga murojaat qilib, ularga vatanni sotmoqchi bo‘lganlar ham edi. Ularning qilgan ishlari, xarob qilgan qishloqlar, yondirilgan uylar, yetim-yesir qolgan xotinlar, bo‘lgan zulm va zo‘rlik hech kimning esidan chiqqani yo‘q. (A.Ikromov)
Panislomchilar (Ittihodi Islomchilar) ning programmasi
Musulmonchilik bayrog'i, musulmonchilik nomi kishilarni aldash va buning orqasida xalqni talash, ezish, ekspluatatsiya qilishni vujudga chiqara olmagandan keyin bu Islom bayrog‘ining shiltasi chiqib, shilta bayroqning hidi butun mehnatkash ommaning burniga yetganini bilganlaridan keyin shu shilta isli turkchilik bayrog‘ini ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. (A. Ikromov)
Vatanfurushlar jinoyat ustida
Peshtaxtadagi yozuv: "Ulgurji va chakana savdo"
1920-30-yillar matbuotida e’lon qilingan materiallarda asosiy leytmotiv - siyosiy hushyorlik, partiya va uning rahnamosiga sodiqlik kabilar bo‘lgani seziladi. Bu, ayniqsa, Lenin o‘limidan so‘ng avj olgan ichki nizolar fonida tobora kuchaydi. Sotsialistik mafkura targ‘iboti matbuot orqali "bolshevikcha astoydillik" bilan olib borildi.
Qatag‘on mashinasi ishining avj pallasi 1937-1938-yillarda sho‘ro tuzumiga, aniqrog‘i dohiy - Stalin va uning olib borayotgan siyosatiga nisbatan har qanday darajadagi qarshi fikr ayovsiz "tozalandi".
Hushyor, chin kommunist sifatida obro‘ orttirish maqsadi bilan bir qatorda, siyosiy beg‘amlikda ayblanish dahshati shubha, taftishbozlik, yolg‘on ayblov va bo‘htonlarga to‘la "fosh etuvchi" materiallarni urchitdi.
"Matbuotimizda sinfiy dushmanlarni fosh etuvchi materiallar kam bosilayotir. Buzuq mafkurani targ‘ib etuvchi asarlar to‘grisida tanqidiy maqolalar ayniqsa oz. Hali bu sohada ko‘p ish qilish, dushmanlarni ayamay fosh etish va ishimizning kamchiliklarini tanqid etishni hali ko‘p daraja kuchaytirish zarur. Sovet ilmiy va adabiyoti sohasini dushmanlardan tozalash, yozuvchilar soyuzi rahbarligida va yozuvchilar ham adabiyotchilar orasida hukmron bo‘lib kelgan siyosiy beg‘amlik, beparvolik kasalliklarini yo‘q qilish, hushyorlikni ko‘p martabalar orttirish, tanqidni qizitish zarur".
Baxtiyor Hasanov, t.f.d., professor: "Ularni dushmanga chiqarish uchun butun sovet matbuoti ishladi..."
Baxtiyor Hasanov, t.f.d., professor: "Ularni dushmanga chiqarish uchun butun sovet matbuoti ishladi..."
Hech narsa ko‘rmagan ko‘zlar, bir sas eshitmagan quloqlar "ko‘rgan-eshitganini" da’vo qila boshladi.
Tillar tiyildi. Ko‘zlar yumildi. Kimga motam, kimga bazm bo‘ldi.
Iqbol Qo‘shshayeva, jurnalist: "Ular sovet davrining jannatini ham, jahannamini ham ko‘rgan edilar..."
Iqbol Qo‘shshayeva, jurnalist: "Ular sovet davrining jannatini ham, jahannamini ham ko‘rgan edilar..."
Eng achinarlisi, ular ham, bular ham haq yo‘lda ekanligiga to‘liq ishonardilar.
Har bir taftish, har bir "fosh etuvchi" so‘z millatning navbatdagi oydinini halokatga yaqinlashtiraverdi.
Mirmuhsin Shermuhammedov (1895-1929) haqida.
Mirmuhsin Shermuhammedov (1895-1929) haqida.
Muhiddin qori Yoqubov haqida
Muhiddin qori Yoqubov haqida
"Oktabr inqilobidan keyin ochiqdan-ochiq aksilinqilobchilar lageriga o‘tgan, sovetlarga qarshi kurashib, hamma reaksion kuchlarni birlashtirgan, bosmachilikni tashkil etib intervensiyachilar bilan apoq-chapoq bo‘lgan jadidlar qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da ishchi-dehqon hukumatini yiqitish fikriga tushdilar. Jadid yozuvchisi A. Qodiriy ham sovet hukumatining dushmanlari bilan birlashib, Oktabrni ashaddiy dushman sifatida qarshi oldi".
"... o‘tmishni va uning qahramonlarini, milliy burjuaziya vakillarini ko‘klarga ko‘tardi. Abdulla Qodiriyning ideali ham Ovro‘pa burjuaziyasidan o‘rnak olgan, fikran ovro‘palashgan savdogar Otabek edi".
"Asarda kolxoz ichidagi sinfiy kurash ko‘rsatilmagan... "Obid ketmon" o‘quvchida sinfiy dushmanlarga nisbatan g‘azab, nafrat qo‘zg‘atmaydi. Asar o‘quvchini dinga qarshi tarbiyalashdan uzoq turadi".
"Obid ketmonning atrofida bo‘lib turgan buyuk hodisalardan sira ta’sirlanmas bir bez xarakterda bo‘lishi shundan kelib chiqadi. Ya’ni A. Qodiriy odamlarni sinfiy guruhlarga emas, balki "yaxshi" va "yomon" degan "guruhlar"ga bo‘ladi. Shuning uchun ham u "Obid ketmon"da dinning mohiyatini berish o‘rniga, ruhoniylarni "yaxshi" (Muhsin domla kabi) va "yomon" (Xatib Shalhak kabi) ruhoniy tarzida ko‘rsatish bilan o‘zini katta ish qilgandek his etadi, vaholanki bu dinni fosh qilish emas, balki dinga va ruhoniylarga yordam qilishdir".
"Obid ketmon" Anqaboyning siyosiy tahriri ostida chiqqan. Muharrir "Obid ketmon"ni shuncha ideologik buzuqliklari va xatolari bo‘lsa ham, bostirib chiqarishni lozim topgan ekan, bu asarga mufassal boshbob yozib, o‘quvchiga bu asardagi hamma tuturuqsizliklarni yaxshilab tushuntirib berishi zarur edi. Anqaboy bunday qilmagan, katta siyosiy ko‘rlik ko‘rsatgan".
"Qizil O‘zbekiston" gazetasi, 1937-yil.
“Cho‘lpon o‘zbek millatchilarining balog‘atga yetgan, maqtalgan san’atkori bo‘lib, millatchilar u bilan faxrlanar edilar. Cho‘lpon ko‘p yillargacha va hozir ham shu iflos botqoqlik ichida qoldi. “Sozim”, “Jo‘r” (bosilmagan) she’riy to‘plamlari bilan "Kecha va kunduz" romani bunga misol bo‘la oladi....”
"Cho‘lpon o‘tmishdagi sinfiy kurashni ko‘rsatishni pornografiya bilan almashtiradi. Shu bilan sovet yoshlarini, o‘sib boruvchi bo‘g‘inni chirik nazariya bilan zaharlamoqchi bo‘ladi. ... eski turmushga qarshi nafratni qo‘zg‘atmaydi..."
"... xotin-qizlar juda lavashan, bo‘sh, ko‘ngilchan, tez yig‘layturg‘an, jinsiy zavqqa intilaturg‘an qilib ko‘rsatiladi (masalan, Zebi, Sultonxon, Poshshaxon, Enaxon). Cho‘lpon xotin-qizlardan kuladi, ularni masxara qiladi; kuchli zulmga, xorlash, ezilishga qarshi kuchli nafrat bilan chiqqan mehnatkash, botir, kurashchan xotin-qiz obrazini ko‘rsatmaydi".
"... "Kecha"da kambag‘al aravakash O‘lmasjon obraziga juda past nazar bilan qaraydi. Zebi mingboshiga tekkandan keyin O‘lmasjon jim bo‘lib ketadi. Uning qalbi o‘ti so‘ngan o‘choqday sovib ketadi. Buning bilan yozuvchi mehnatkashlarni masxara qilib, ularda sevgi yo‘q, ular odamgarchilikdan chiqqan, deb tasvirlaydi".
"Cho‘lpon va uning fikrdoshlari o‘zbek xalqining o‘tmishidagi inqilobiy kurash tarixini bila turib bo‘yab ko‘rsatish, mehnatkashlarni masxaralash, jadidlarni maqtash orqali aksilinqilobiy millatchilikni targ‘ib etish va har turli metodlar bilan o‘zbek sovet adabiyotiga zarar berish yo‘llarini qo‘llab keldilar".
"Qizil O‘zbekiston" gazetasi, 1937-yil.
"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan parcha
"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan parcha
Tarix - oq va qora sahifali kitob. Ayrim varaqlari yulingan, ayrim yozuvlari qirtishlab o‘chirilgan, boshqalari esa siyoh emas, qon bilan bitilgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, uni o‘rganish, haqiqat niqobidagi yolg‘onlaridan tozalash har bir avlodning kelgusi avlod oldidagi burchidir.
O‘tmish dog‘lariga ko‘z yummaslik, xatolarni tan olish va xulosa chiqarish, takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik - oqilona qaror va katta mas'uliyat. Ozgina bilim va tanqidiy tafakkur, vositalari yangilangan bo‘lsa-da, mohiyati o‘zgarishsiz qolgan propaganda mashinasi shovurini ajratishga imkon beradi.
Mazkur longrid "Mediasaboq.uz" loyihasi doirasida "Zarra" vizual tadqiqotlar va multimediaviy loyihalar ilmiy-amaliy laboratoriyasi tomonidan tayyorlandi.
Axborot hamkori - "Oyina.uz" portali.
Materialda S.A.Abdullayev, O. Allaberganov, S. Allaberganov, O. Muinov kabi rassomlarning ijod namunalaridan hamda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxividan foydalanildi.
Ijodiy guruh O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.